O‘zbekiston milliy media birlashmasi hamda malayziyaning o‘zbekistondagi elchixonasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning 18-fevral kuni O‘zbekiston Milliy media birlashmasi Boshqaruvi raisi, O‘zJOKU Rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja Malayziyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ilham Tuah bin Ilyas Janoblarini qabul qildi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama media hamkorligini yanada rivojlantirish, televideniye va raqamli platformalar orqali turizmni targ‘ib qilish, shuningdek, qo‘shma media va prodakshn loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar hamda strategik sheriklik ruhida ommaviy axborot vositalari sohasida tajriba almashish, malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish va o‘zaro axborot almashinuvini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Shuningdek, Malayziya media kompaniyalarining O‘zbekistonda suratga olish jarayonlarini tashkil etish, mamlakatimizning boy madaniy merosi va turizm salohiyatini xalqaro auditoriyaga keng namoyish etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv ochiq, samimiy va konstruktiv ruhda o‘tib, kelgusidagi hamkorlikni aniq loyihalar asosida davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Nashr qilingan sana: Fev 18, 2026